Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyatimiz yoshlari tashabbusi bilan Fargʻona tumanining Mindonobod MFY hududidagi boʻsh yotgan maydonda tashkil etilgan “Yoshlar bogʻi”da boʻlib oʻtgan daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi. Tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, ming nafarga yaqin yoshlar qatnashdilar. Bugungi tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu bogʻning dastlabki ikki gektariga 1000 tupdan ziyod qayragʻoch, katalpa, yasen, klyon, chinor, akatsiya, kashtan va eman kabi manzarali daraxtlar oʻtqazildi. Kelgusida bogʻ hududi 10 gektargacha kengaytirilishi koʻzda tutilgan. Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, yurtni sevish, ona tabiatni asrash, daraxt ekib bogʻ yaratish kabi milliy qadriyatlarimizni yoshlarga singdirish hozirda ustuvor vazifa ekanini qayd etib, bugungi bogʻni tashkil etish tashabbusi aynan yoshlarga oidligi, yoshlarni tarbiyalashda toʻgʻri yoʻlda ekanimizning dalolati ekanini taʼkidladi. Ushbu tashabbusni viloyat boʻyicha keng yoyish lozimligiga eʼtibor qaratgan viloyat hokimi, har bir shahar va tumanda, har bir mahallada yoshlar tomonidan koʻchat ekishni ommalashtirish, hududlarda boʻsh turgan har qanday oʻlchamdagi maydonlarni yashil makonga aylantirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Viloyat hokimi, yoshlar bilan birga daraxt ekish jarayonlarida ishtirok etdi.
Hide player controls
Hide resume playing